HUQUQIY DAVLATDA JAMOAT XAVFSIZLIGINI TA’MINLASHNING HUQUQIY VA INSTITUTSIONAL MEXANIZMLARI: MUVOZANAT VA ZAMONAVIY YONDASHUVLAR
Xoʻjamberdiyev Farrux Komilovich
Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti dotsenti, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
Annotatsiya
Huquqiy davlat sharoitida jamoat xavfsizligini ta’minlashning murakkab mexanizmlarini ishlab chiqish hozirgi global xavfsizlik muhitida dolzarb masalalardan bo‘lib qolmoqda. Mazkur tadqiqotdan maqsad jamoat xavfsizligini huquqiy me’yorlar asosida tartibga solish, davlat institutlari vakolatlari va demokratik tamoyillar o‘rtasidagi muvozanatni aniqlashdir. Xavfsizlikni ta’minlash jarayonida davlat boshqaruvi va huquq ustuvorligi o‘rtasidagi nisbatni aniqlash muhim bo‘lib, bu masala xalqaro va milliy miqyosda turlicha hal etiladi. Ushbu tadqiqot huquqiy davlat sharoitida jamoat xavfsizligini ta’minlashning huquqiy modelini ishlab chiqishga bag‘ishlangan. Jamoat xavfsizligi davlat barqarorligi va ijtimoiy taraqqiyotning muhim omili bo‘lib, uni ta’minlashda huquqiy me’yorlar va davlat boshqaruvi samaradorligi o‘rtasidagi muvozanatni saqlash muhim ahamiyat kasb etadi. Tadqiqotda jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida dunyo yetakchi olimlarining (Gans Kelzen, Jon Lokk, Sharl de Monteskyo, Karl Shmitt, Maks Veber, Ronald Dvorkin, Jozef Raz) nazariy qarashlari tahlil qilinib, ularning amaliy ahamiyati baholandi. Shuningdek, xavfsizlik choralarining huquqiy, siyosiy va institutsional omillari o‘rganilib, xalqaro tajriba asosida samarali strategiyalar tavsiya etildi. Jamoat xavfsizligi konsepsiyasining rivojlanishi va undagi zamonaviy tendensiyalarni baholash natijasida davlat hokimiyatining favqulodda vaziyatlardagi vakolatlari va cheklovlari masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tadqiqotda huquqiy normativ tizimning evolyutsiyasi va xalqaro tashkilotlarning (BMT, YXHT, Interpol) tavsiyalari ham ko‘rib chiqilib, ular jamoat xavfsizligini ta’minlashda qanday rol o‘ynashi aniqlashtirildi. Qiyosiy-huquqiy tahlil natijasida turli davlatlarning xavfsizlik siyosati hamda huquqiy rejimlaridagi o‘ziga xoslik o‘rganilib, samaradorlik mezonlari ishlab chiqildi. Natijalarga ko‘ra, xavfsizlik siyosatining barqaror rivojlanishida demokratik nazorat mexanizmlari, parlament va sud nazorati, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish muhim rol o‘ynaydi. Tahlillarga asoslangan holda O‘zbekistonning jamoat xavfsizligi tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar, xususan, xavfsizlik kodeksi ishlab chiqish, favqulodda vaziyatlarni huquqiy tartibga solishning aniq mezonlarini belgilash, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va fuqarolik jamiyati ishtirokini kengaytirish kabi chora-tadbirlar tavsiya etildi. Ushbu ilmiy ish natijalari jamoat xavfsizligi sohasidagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish uchun ilmiy-amaliy asos bo‘ladi.
Kalit so'zlar
jamoat xavfsizligi, huquqiy davlat, huquq ustuvorligi, davlat boshqaruvi, favqulodda holatlar, demokratik tamoyillar, xavfsizlik siyosati, institutsional islohotlar, xalqaro standartlar, texnologik xavfsizlik, huquqiy cheklovlar, xavfsizlik kodeksi, qiyosiy-huquqiy tahlil, xavfsizlik strategiyasi, inson huquqlari
Iqtibos uchun
For citation:
Tashriflar soni: 1547