PUL MABLAGʻLARINI LEGALLASHTIRISH (YUVISH) JINOYATI SUBYEKTIV BELGILARINING JINOYAT-HUQUQIY TAHLILI
Kalit so‘zlar:
jinoyat, jinoiy javobgarlik, jinoiy daromadlar, pul yuvish, daromadlarni legallashtirish, jazoAnnotatsiya
Mazkur maqolada jinoiy daromadlarni legallashtirish (pul yuvish) tushunchasining umumiy nazariy asoslari tahlil qilingan. Tadqiqot doirasida ushbu hodisaning jinoyat-huquqiy mohiyati, uning zamonaviy iqtisodiy munosabatlar tizimidagi oʻrni hamda ijtimoiy xavflilik darajasi ochib berilgan. Shuningdek, ilmiy tadqiqot doirasida umumilmiy metodlar majmuasidan kompleks tarzda foydalanilgan. Xususan, tarixiy metod, qiyosiy-huquqiy metod hamda mantiqiy metod (tahlil va sintez) tadqiqotning metodologik asosini tashkil etdi. Tarixiy metod orqali jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish institutining shakllanishi va rivojlanish bosqichlari, uning milliy va xalqaro huquqiy evolyutsiyasi oʻrganilgan. Bu yondashuv mazkur institutning genezisini aniqlash, shuningdek, zamonaviy huquqiy tartibga solishning ildizlarini ochib berishga xizmat qildi. Qiyosiy-huquqiy metod yordamida Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi xorijiy davlatlar tajribasi va xalqaro standartlar bilan taqqoslandi. Xususan, jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish sohasidagi yondashuvlar, subyekt masalasi hamda javobgarlik asoslari turli huquq tizimlari kesimida tahlil qilindi. Bu esa milliy qonunchilikni takomillashtirish yoʻnalishlarini aniqlash imkonini berdi. Xulosa oʻrnida, jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashishdagi davlat siyosati xalqaro majburiyatlar va milliy iqtisodiy manfaatlar uygʻunligiga asoslanishi lozimligi koʻrsatilgan. Maqolada xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilishda davlatning oʻziga xos huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlari hamda huquqni qoʻllash amaliyotini inobatga olish, yaʼni global talablar va milliy manfaatlar oʻrtasida muvozanatni taʼminlash zarurligi asoslab berilgan.



