“MARKAZIY OSIYO – KOREYA RESPUBLIKASI” FORMATINING XALQARO-HUQUQIY INSTITUTSIONALLASHUVI
Kalit so‘zlar:
Markaziy Osiyo, Koreya Respublikasi, Hamkorlik forumi, Kotibiyat, xalqaro shartnomalar, yumshoq huquq, funksional institutsionallashuv, monitoringAnnotatsiya
Maqolada “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” formatining 2007-yilda Hamkorlik forumi tashkil etilgan paytdan boshlab 2026-yilda o‘tkazilgan birinchi sammitgacha bo‘lgan xalqaro-huquqiy institutsionallashuvi tadqiq qilingan. Asosan “yumshoq huquq” (soft law) vositalari hisoblangan Forum hujjatlari, ikki tomonlama xalqaro shartnomalar hamda 2017-yilda ochilgan va Koreya Jamg‘armasi (Korea Foundation) tizimida faoliyat yurituvchi doimiy Kotibiyatning tashkiliy amaliyoti o‘zaro farqlanib tahlil qilingan. Tadqiqotning empirik asosini 2007–2025-yillardagi forumlar xronologiyasi, Koreya Respublikasining Markaziy Osiyo davlatlari bilan tuzgan investitsiyaviy shartnomalari, 2024-yilgi o‘zaro savdo bo‘yicha statistik ma’lumotlar hamda belgilangan mezonlar bo‘yicha Koreya, Xitoy va Yaponiya modellarining qiyosiy tahlili tashkil etadi. Muallif ushbu formatning mustaqil xalqaro huquqiy layoqatga ega bo‘lmagan holda funksional institutsionallashuvi haqidagi xulosani asoslab bergan. Maqolada format hujjatlarining huquqiy pasporti, o‘rta muddatli harakatlar rejasiga ijro va monitoring matritsasi shaklidagi ilova, yillik jamlama hisobot hamda O‘zbekiston uchun milliy muvofiqlashtiruvchi mexanizmni joriy etish taklif qilingan. 2026-yil 16-sentabrda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” birinchi sammiti format institutsionallashuvida yangi bosqichni boshlab berdi. Sammit yakunlari bo‘yicha qabul qilingan Seul deklaratsiyasi o‘z mazmuni hamda hamkorlik mexanizmining rivojlanishiga ta’siri nuqtayi nazaridan kutilayotgan xalqaro-huquqiy baholashni talab etadi.



