
KRIMINOLOGIYA VA JINOIY ODIL SUDLOV 4-SON / 2025
Ushbu sonda keyingi mavzular yoritilgan
Sobitova Umidaxon Murod qizi
Toshkent davlat yuridik universiteti Sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va advokatura kafedrasi o‘qituvchisi, mustaqil izlanuvchi
Annotatsiya
Ushbu maqolada qonun ustuvorligi va konstitutsiyaviy qonuniylikni ta’minlash mexanizmida tizim hosil qiluvchi funksiyani bajaruvchi prokuratura organlari faoliyatining universal yo‘nalishi sifatida umumiy nazorat fenomeni tadqiq etilgan. Nazariy-huquqiy tahlil asosida umumiy nazoratning mohiyati, maqsadi va amalga oshirish chegaralari ochib berilgan, uning tarkibiy elementlari va prokuror faoliyatining boshqa shakllari bilan o‘zaro bog‘liqligi ko‘rib chiqilgan. Ushbu yo‘nalishning universalligi davlat nazoratini talab qiladigan ijtimoiy munosabatlarning barcha sohalarini qamrab olish, shuningdek, prokuraturaning nazorat ostidagi subyektlarning idoraviy bo‘ysunishidan qat’i nazar, qonun buzilishlariga tezkor munosabat bildirish qobiliyatidan iborat ekanligi ko‘rsatilgan.
…
Nurmanov Xolbek Rahmatilla oʻgʻli
Toshkent davlat yuridik universiteti mustaqil izlanuvchisi
Annotatsiya
Ushbu maqolada muallif tomonidan bugungi kunda oʻta jiddiy xavf tugʻdiradigan kiberjinoyat – kiberjosuslik tushunchasi va uning obyektiga oid ayrim mulohazalar berilgan, jumladan, ushbu masalada yuridik fanda mavjud fikrlar, gʻoyalar, konsepsiyalar, ilmiy munozaralar atroflicha koʻrib chiqilgan. Muallif ushbu ilmiy fikr va qarashlar, muhokamalarga asoslangan holda milliy qonunchilikda hozirgi kunda kiberjosuslikni sodir etish obyekti – maxfiy ma’lumotlar va tijorat siriga daxl qilish uchun munosib yuridik javobgarlik choralari belgilanmaganligi, ayni chogʻda rivojlangan xorijiy mamlakatlar fan va amaliyotida, maxsus qonunlarida kiberjosuslik javobgarligiga oid huquqiy qoidalar shakllantirilgani, shu bois ushbu oʻziga xos jinoiy qilmish yuzasidan javobgarlikni belgilashda jahon amaliyotida allaqachon shakllanib ulgurgan bir qator shartlarni inobatga olish zarur degan xulosaga kelgan.
…
Raximova Ulzana Xamidullayevna
Toshkent davlat yuridik universiteti Jinoyat-protsessual huquqi kafedrasi dotsenti v. b., yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori
Annotatsiya
Mazkur maqolada Oʻzbekiston Respublikasida iqtisodiy jinoyatlar sonining ortib borayotgani munosabati bilan ushbu toifadagi jinoyatlar yuzasidan olib boriladigan dastlabki tergov jarayonida baholash xizmatlaridan foydalanishning huquqiy va amaliy asoslari yoritilgan. Xususan, davlat mulkini oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-taroj qilish, bojxona qonunchiligini buzish, soliq majburiyatlaridan boʻyin tovlash, noqonuniy tamaki va alkogol mahsulotlari savdosi, noqonuniy dori vositalari aylanmasi hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish kabi iqtisodiyot va tadbirkorlik sohasidagi jinoyatlarni tergov qilish jarayonida jinoyat sodir etishda foydalanilgan mol-mulk va jinoyat natijasida orttirilgan daromadlarning haqiqiy qiymatini aniqlash maqsadida baholash oʻtkazish hamda baholash hisobotini jinoyat ishi boʻyicha dalil sifatida eʼtirof etish masalalari tahlil qilingan.
…
Uteniyazov Keulimjay Kuanishbayevich
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti Korrupsiyaga qarshi kurashish Komplayens nazorat tizimini boshqarish bo‘limi boshlig‘i
Annotatsiya
Maqolada jinoyat-protsessual huquq nazariyasidagi “ayblov” tushunchasining “da’vo” va “jinoiy ta’qib” tushunchalari bilan o‘zaro nisbati, ularning huquqiy tabiati va amaliyotdagi ifodasi ilmiy-nazariy hamda amaliy jihatdan tahlil qilingan. Tadqiqotning predmeti ayblov institutining mohiyati va uning da’vo, jinoiy ta’qib bilan bog‘liq jihatlari hisoblanib, maqsad ushbu kategoriyalarning chegaralarini belgilash va ularning jinoyat-protsessual huquqdagi o‘rnini aniqlashdan iboratdir. Mavzuning dolzarbligi shundaki, milliy qonunchilikda “da’vo” yoki “jinoiy ta’qib” atamalari qo‘llanilmasdan, uning o‘rnida “ayblov” tushunchasi ishlatilishi huquqiy noaniqliklarga va ayblov mazmunining sun’iy ravishda kengayishiga sabab bo‘lmoqda.
…