OʻZBEKISTON REPUBLIKASI JINOYAT KODEKSIDA ODAM SAVDOSI UCHUN JAVOBGARLIK EVOLYUTSIYASI
Kalit so‘zlar:
odam savdosi jinoyati, ijtimoiy xavfli qilmish, xalqaro huquq normasi, transmilliy jinoyat, uyushgan jinoyatchilik, Jinoyat kodeksi, inson huquqlariAnnotatsiya
Mazkur maqolada Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida odam savdosi jinoyati uchun javobgarlikning shakllanishi va rivojlanish bosqichlari ilmiy huquqiy jihatdan tahlil qilinadi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi normalarida odam savdosi bilan bogʻliq qilmishlarning dastlab umumiy jinoyat tarkiblari doirasida baholanganligi, keyinchalik esa mustaqil jinoyat tarkibi sifatida alohida modda bilan mustahkamlanganligi yoritiladi. 2008-yilda kodeksga kiritilgan oʻzgartirishlar asosida odam savdosi uchun javobgarlikning aniq belgilanishi, jinoyatning obyekti va subyekti, jinoyat obyektiv va subyektiv tomonlari, kvalifikatsiyalovchi belgilar hamda jazolarning ogʻirlashtirilgan turlari atroflicha tahlil etiladi. Shuningdek, Xalqaro huquq normalari, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi konvensiyasi hamda unga qoʻshimcha Protokol talablari milliy qonunchilikka implementatsiya qilinishi jarayoni ochib beriladi. Maqolada muallif tomonidan odam savdosiga qarshi kurashish sohasida milliy va xalqaro tajriba uygʻunligi, jinoyat-huquqiy siyosatning liberallashuvi va inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlarining takomillashuvi masalalari yoritilgan. Tadqiqot natijasida odam savdosi uchun javobgarlik evolyutsiyasi bosqichma-bosqich kuchaytirib borilganligi va bu jarayon zamonaviy tahdidlar va xalqaro standartlar bilan uzviy bogʻliq ekanligi asoslab beriladi.



